17.11.2026

1. Xorijga chiqish pasportini tayyorlang va safar sanasini belgilang;
2. Sugʻurta kompaniyasining saytida Shengen hududiga sayohat qilish uchun moʻljallangan polisni tanlang;
3. Sugʻurta hududini, safar sanalarini va sugʻurtalanuvchining maʼlumotlarini koʻrsating;
4. Qoplab berish summasi kamida 30 000 yevro boʻlgan dasturni tanlang;
5. Maʼlumotlarni tekshiring, sugʻurta haqini toʻlang va elektron polisni qabul qilib oling.
Shengen zonasi mamlakatlariga sayohat qilish uchun hujjatlar paketini oldindan tayyorlash lozim, bunda majburiy shartlardan biri tibbiy sugʻurta hisoblanadi. Bunday polis nafaqat vizaga hujjat topshirish uchun, balki xorijda kutilmagan xarajatlar yuzaga kelganda sayohatchining manfaatlarini himoya qilish uchun ham zarurdir.
Bunda har qanday turistik sugʻurta Shengen vizasini olish uchun oʻz-oʻzidan toʻgʻri kelavermasligini inobatga olish lozim. Polis belgilangan talablarga — qoplab berish summasi, amal qilish hududi va muddati boʻyicha mos kelishi muhim. Bundan tashqari, muayyan sugʻurta dasturining shartlarini ham eʼtiborga olish zarur, chunki turli sugʻurtalovchilarda tavakkalchiliklar (risklar) roʻyxati, limitlar va sugʻurta tovoni toʻlanmaydigan holatlar farq qilishi mumkin.
Shengen uchun sugʻurta polisi vizani rasmiylashtirishda qoʻyiladigan talablarga javob berishi shart. Birinchi navbatda sugʻurta qoplamasining hajmi, amal qilish hududi va sugʻurta davri hisobga olinadi. Polis sotib olishdan oldin ushbu parametrlarning barchasini tekshirish muhim, ayniqsa, sayohat bir nechta davlatni qamrab olsa yoki uzoq muddatga rejalashtirilgan boʻlsa.
Minimal sugʻurta qoplamasi summasi
Shengen vizasini rasmiylashtirish uchun minimal sugʻurta summasi 30 000 yevroni tashkil etadi. Bu summa safar davomida tibbiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan xarajatlarni qoplash uchun moʻljallangan. Shartnoma shartlariga qarab, polisga ambulator va statsionar davolanish, tashxis qoʻyish (diagnostika), dori-darmonlar, tibbiy evakuatsiya va boshqa zarur xizmatlar kiritilishi mumkin.
Sugʻurta summasi va polis qiymatini bir-biridan farqlash muhimdir. Sugʻurta summasi sugʻurtalovchi majburiyatlarining cheklangan hajmini koʻrsatadi, sugʻurta mukofoti (premiyasi) esa — mijoz sugʻurtaning oʻzi uchun toʻlaydigan mablagʻdir. GROSS qoidalarida ham bu tushunchalar aynan shu tarzda ajratiladi.
Zarurat tugʻilganda, yuqoriroq qoplama summasini ham tanlash mumkin. Sayohat uzoq muddatli boʻlganda yoki turist sugʻurta himoyasi hajmini kengaytirishni istagan hollarda bu juda dolzarbdir.
Sugʻurtaning amal qilish hududi
Polis sayohat yoʻnalishiga kiruvchi va viza rasmiylashtirish talablariga boʻysunuvchi barcha mamlakatlar hududida amal qilishi shart. Agar turist Shengen zonasining bir nechta davlatiga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan boʻlsa, sugʻurta faqat bitta mamlakat bilan cheklanib qolmasligi kerak. Shuning uchun xarid qilishdan oldin shartnomada qaysi hudud koʻrsatilganini tekshirish zarur.
Turli sugʻurta kompaniyalarida bunday belgilashlar farq qilishi mumkin. Polisda «Shengen», «Shengen kelishuvi davlatlari», «Yevropa» yoki boshqa hududiy paket koʻrsatilishi mumkin. Bunda faqat dastur nomigagina emas, balki sugʻurta qoplamasi tatbiq etiladigan mamlakatlarning amaldagi roʻyxatiga ham eʼtibor qaratish muhim.
Sugʻurta polisining amal qilish muddati
Sugʻurta xorijda boʻlish moʻljallanayotgan butun davrni qamrab olishi shart. Misol uchun, agar safar 10 iyundan 20 iyungacha rejalashtirilgan boʻlsa, sugʻurta davri ushbu kunlarning barchasini oʻz ichiga olishi kerak. Rasmiylashtirishdan oldin polis amal qilishining boshlanish va tugash sanalarini diqqat bilan tekshirish zarur.
Sugʻurtalovchilarning shartlarida hujjatning qoʻshimcha amal qilish muddati ham koʻzda tutilishi mumkin. Masalan, Shengen zonasi davlatlariga davomiyligi 92 kundan oshmaydigan safar uchun GROSS polisi rasmiylashtirilganda, polisning amal qilish muddatiga qoʻshimcha ravishda 15 kalendar kun kiritiladi. Bunda ushbu kunlar amaldagi sugʻurta davriga kirmaydi va qoʻshimcha muddat davomida sodir boʻlgan hodisalar boʻyicha sugʻurta tovoni toʻlanmaydi.
Shu sababli, sugʻurtani tanlashda polisning umumiy amal qilish muddati va sugʻurta himoyasi kuchda boʻlgan kunlar sonini oʻzaro farqlash muhimdir.
Turistik sugʻurtaning asosiy vazifasi — safar davomida sayohatchiga tibbiy yoki tibbiy-transport yordami zarur boʻlib qolganda xarajatlarni qoplashdan iborat. Xizmatlarning aniq roʻyxati tanlangan dasturga bogʻliq, biroq odatda sugʻurta quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:
• ambulator davolanish;
• shoshilinch kasalxonaga yotqizish (gospitalizatsiya);
• shifokorlar maslahati;
• diagnostika va laboratoriya tadqiqotlari;
• shifokor tomonidan tayinlangan dori-darmonlar;
• tibbiy evakuatsiya;
• hamrohlik qiluvchi shaxsni transportda tashish;
• sugʻurtalangan shaxsni doimiy yashash mamlakatiga qaytarish;
• qidiruv-qutqaruv tadbirlari;
• repatriatsiya (jasadni vatanga qaytarish).
Bu kabi xarajatlar turlari GROSS kompaniyasining sayohatchilarni sugʻurta qilish dasturlarida ham koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, polisning mavjudligi sugʻurtalovchi har qanday xarajatlarni vaziyatdan qatʼi nazar toʻlab berishini anglatmaydi. Shartnomada tibbiy yordamning turli shakllari uchun limitlar, sugʻurta tovoni toʻlanmaydigan holatlar va alohida shartlar belgilanishi mumkin. Masalan, surunkali kasalliklarga nisbatan alohida cheklovlar amal qilishi mumkin. Ayrim dasturlar boʻyicha bunday kasalliklar xuruji yuz berganda yordam faqat belgilangan limit doirasida koʻrsatiladi. Shu sababli, surunkali kasalliklar mavjud boʻlsa, sugʻurta qoidalarini oldindan oʻrganib chiqish alohida ahamiyatga ega.
Hujjatlarni topshirish uchun minimal talablarga javob beradigan polisni tanlash kifoya. Biroq safarning oʻzi uchun sayohatchi duch kelishi mumkin boʻlgan real tavakkalchiliklarni ham hisobga olish foydalidir. Sugʻurtani tanlashda safar davomiyligi, turistning yoshi, hordiq chiqarish xarakteri, surunkali kasalliklarning mavjudligi va boshqa holatlar muhim rol oʻynaydi.
Birinchi navbatda sugʻurta qoplamasining hajmi va polisning amal qilish hududini tekshirish zarur.
Shuningdek, quyidagilarni oʻrganish talab etiladi:
• qoplanadigan tibbiy xizmatlar roʻyxati;
• yordamning ayrim turlari boʻyicha limitlar;
• sugʻurta tavakkalchiliklaridan chiqarib tashlangan holatlar;
• tibbiy yordam soʻrab murojaat qilish tartibi;
• assistans (koʻmak koʻrsatuvchi xizmat) ishlash shartlari;
• tibbiy xarajatlarni mustaqil ravishda toʻlash qoidalari.
Sugʻurta hodisasi yuz berganda qanday harakat qilishni oldindan bilib olish ayniqsa muhimdir. Qoida tariqasida, birinchi navbatda assistans xizmati bilan bogʻlanish zarur. U tibbiy yordamni tashkil etishga, muvofiq muassasani tanlashga va xizmatlar toʻlovini kelishishga yordam beradi.
Masalan, GROSS shartlariga koʻra, assistans xizmatiga murojaat qilish muhim ahamiyatga ega: oldindan kelishmasdan, tibbiy yordam mustaqil ravishda olingan taqdirda, tovoni miqdori cheklanishi mumkin, ayrim hollarda esa sugʻurtalovchi toʻlovni toʻlashni toʻliq yoki qisman rad etish huquqiga ega. Shu bois assistans raqamini safarga chiqishdan oldin saqlab qoʻygan maʼqul.
Qanday qoʻshimcha optsiyalar (imkoniyatlar) kerak boʻlishi mumkin
Agar sayohat davomida faol hordiq chiqarish yoki sport bilan shugʻullanish rejalashtirilgan boʻlsa, muayyan dastur shartlarini oldindan tekshirish zarur. Turli sugʻurtalovchilarda yondashuv farq qilishi mumkin. Faoliyatning ayrim turlari standart qoplamaga kiritilishi mumkin, boshqalari uchun esa qoʻshimcha optsiya yoki oshiruvchi koeffitsient talab etiladi, ayrim ekstremal sport turlari esa sugʻurtadan toʻliq chiqarib tashlanishi mumkin. Masalan, shartlar changʻi va snoubordda uchish, dayving, alpinizm va boshqa faoliyat turlarini alohida tartibga solishi mumkin.
Shuningdek, surunkali kasalliklari bor insonlar sugʻurta qoidalarini diqqat bilan oʻrganib chiqishlari lozim. Bunday kasalliklarning mavjudligi har doim ham qoplamadan toʻliq voz kechishni anglatmaydi, biroq xastalik xuruj qilganda yordam muayyan cheklovlar yoki limitlar bilan koʻrsatilishi mumkin. Shu sababli, polis sotib olishdan oldin nafaqat uning narxini, balki dasturning muayyan safar xarakteriga qanchalik mos kelishini baholash maqsadga muvofiqdir.
Shengen uchun sugʻurtaning yagona qatʼiy belgilangan qiymati mavjud emas. Polis narxi bir nechta omillarga bogʻliq va individual ravishda hisoblanadi. Yakuniy qiymatga quyidagilar taʼsir koʻrsatishi mumkin:
• safar davomiyligi;
• sayohatchining yoshi;
• sugʻurtalangan shaxslar soni;
• tanlangan sugʻurta dasturi;
• sugʻurta summasi;
• safar maqsadi;
• sport bilan shugʻullanish yoki professional faoliyat;
• tavakkalchilik (risk) darajasiga taʼsir etuvchi boshqa omillar.
Masalan, GROSS kompaniyasida sugʻurta mukofoti sugʻurta davri va tanlangan dasturni hisobga olgan holda avtomatik ravishda hisoblanadi, shuningdek, sugʻurtalangan shaxslarning yoshi va soniga, safar maqsadiga hamda boshqa xavf-xatar omillariga bogʻliq boʻlishi mumkin.
Shu sababli, sugʻurta dasturlarini nafaqat narxi boʻyicha solishtirgan maʼqul. Arzon polis torroq qoplama hajmini yoki qoʻshimcha cheklovlarni nazarda tutishi mumkin, bu esa safar davomida muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
Sugʻurta polisini rasmiylashtirishda shaxsiy maʼlumotlarni va safar parametrlarini diqqat bilan tekshirish muhimdir. Ism, familiya, pasport raqami va boshqa maʼlumotlar xorijga chiqish pasportidagi maʼlumotlarga mos kelishi shart. Hujjatlardagi xatoliklar polisni qayta rasmiylashtirishni talab qilishi va viza olish uchun ariza topshirishda qiyinchiliklar tugʻdirishi mumkin.
Quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratish lozim:
• Maʼlumotlarning pasportga mos kelishi. Ism, familiya, tugʻilgan sana va hujjat raqami xatolarsiz koʻrsatilishi kerak;
• Safar sanalarining toʻgʻriligi. Sugʻurta davri xorijda boʻlish moʻljallanayotgan muddatni toʻliq qamrab olishi shart;
• Polisning amal qilish hududi. Sugʻurta yoʻnalishga kiruvchi Shengen zonasi mamlakatlariga tatbiq etilishiga ishonch hosil qilish zarur;
• Assistans xizmatining mavjudligi. Sugʻurta hodisasi yuz berganda tibbiy yordamni tashkil etuvchi tunu kun ishlovchi xizmat kontaktlarini oldindan saqlab qoʻyish tavsiya etiladi;
• Sugʻurta summasi va dasturini tekshirish. Toʻlovni amalga oshirishdan oldin tanlangan qoplama viza talablariga va safar xarakteriga mos kelishini yana bir bor tekshirib olgan maʼqul.
Koʻplab sugʻurta kompaniyalarida polisni onlayn tarzda rasmiylashtirish mumkin. Misol uchun, GROSS kompaniyasida ariza toʻldirilib, toʻlov amalga oshirilgandan soʻng, elektron polis koʻrsatilgan elektron pochta manziliga yoki messenjerga yuboriladi.
Hujjatni qabul qilib olgandan keyin shaxsiy maʼlumotlarni, amal qilish sanalarini, sugʻurta hududini va sugʻurta summasini yana bir bor tekshirish lozim. Agar viza markaziga topshirish uchun qogʻoz nusxasi talab etilsa, uni yuqori sifatda chop etib olgan maʼqul.
Xulosa
Shengen vizasini olish uchun sugʻurta summasi, amal qilish hududi va muddati boʻyicha talablarga javob beradigan tibbiy sugʻurtani rasmiylashtirish zarur.
Bunda polisni nafaqat viza rasmiylashtirish nuqtai nazaridan tanlash lozim. Sayohatning real shartlarini ham hisobga olish muhim: safar davomiyligi, sogʻliqning holati, rejalashtirilgan faolliklar, yordamning ayrim turlari boʻyicha limitlar va sugʻurta tovoni toʻlanmaydigan holatlar.
Xarid qilishdan oldin sugʻurta qoidalarini va sugʻurta hodisasi yuz berganda harakat qilish tartibini diqqat bilan oʻrganib chiqish foydalidir. Bu viza talablariga javob beradigan va safar davomida haqiqatan ham foydali boʻladigan polisni tanlashga yordam beradi.

Shengen vizasini olish uchun qanday tibbiy sug‘urta kerak? Sug‘urta polisiga qo‘yiladigan talablar, minimal sug‘urta qoplamasi, amal qilish muddati va Yevropaga sayohat uchun sug‘urtaning o‘ziga xos jihatlari haqida bilib oling.

GROSS shaxsiy kabinetida majburiy avtosugʻurta va KASKO bo‘yicha sug‘urta hodisasi haqida ariza topshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich yo‘riqnoma. YTH haqida onlayn xabar berish, kerakli hujjatlarni tayyorlash va murojaatni rasmiylashtirish tartibi bilan tanishing

Toshkent va O‘zbekistonda Majburiy avtosug‘urtani qanday onlayn rasmiylashtirish mumkin? Internet orqali majburiy avtosug‘urtani rasmiylashtirish bo‘yicha bosqichma-bosqich yo‘riqnoma

Yangi avtomobil xarid qilyapsizmi? O‘zbekistonda qanday sug‘urta rasmiylashtirish kerakligi, OSGO va KASKO o‘rtasidagi farqlar hamda Gross Insurance bilan ishonchli sug‘urta himoyasini tanlash haqida bilib oling

O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisasi yuz berganda qanday harakat qilish kerakligini bilib oling. Hodisani rasmiylashtirish, tegishli xizmatlarni chaqirish, sug‘urta kompaniyasiga murojaat qilish va sug‘urta tovonini olish bo‘yicha tavsiyalar. Gross Insurance mutaxassislaridan foydali maslahatlar

O‘zbekistonda ishonchli sug‘urta kompaniyasini qanday tanlashni bilib oling. Litsenziya, obro‘, sug‘urta shartlari, to‘lovlar va xizmat sifati bo‘yicha foydali chek-list