Fitch Ratings Gross sug‘urta kompaniyasiga moliyaviy barqarorlik reytingini berdi
Gross sug‘urta kompaniyasi O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga, yirik va o‘rta biznesga, shuningdek, davlat tuzilmalariga zamonaviy sug‘urta mahsulotlarini taklif qiluvchi yirik sug‘urta kompaniyalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Xalqaro kapital bozorlari uchun tahlil va tadqiqotlar bo‘yicha jahonda yetakchi bo‘lgan Fitch Ratings reyting agentligi Gross kompaniyasiga “B+” darajasida, “barqarorlik” prognozi bilan moliyaviy barqarorlik reytingini berdi.
Fitch hisobotlarida Gross sug‘urta kompaniyasi O‘zbekistonda umumiy sug‘urta sohasida boshqa sug‘urta kompaniyalariga nisbatan qulay biznes profilga ega ekanligi, bu esa biznes qaltisliklarining mo‘tadil profili, qulay raqobat holati va diversifikatsiyalash bilan bog‘liq ekanligi qayd etilgan. Ushbu reytingni hisobga olgan holda, Fitch kredit omilini baholash bo‘yicha o‘z tavsiyalariga ko‘ra, Gross kompaniyasining biznes profilini “BB-” darajasida baholaydi. Gross kompaniyasi 2021-yilda 344 milliard so‘m miqdorda yalpi imzolangan mukofotlarni (GWP) to‘pladi. Agentlik hisobotiga ko‘ra, kompaniya bozorda sug‘urta mukofotlarning umumiy hajmidan 11,5 foizli yuqori ulushi bilan yirik sug‘urtalovchilardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Fitch Ratings agentligi Gross kompaniyasining moliyaviy ko‘rsatkichlari va foydasini yaxshi deb baholaydi. Agentlik tomonidan hisoblangan Gross kompaniyasining o‘z kapitali o‘rtacha nominal rentabelligi (ROE) uch yil ichida 41 foizni tashkil etgan. Gross kompaniyasining anderrayting natijasi ham ijobiy baholangan. Fitch agentligi kompaniyaning investitsiyaviy tavakkalchiligini reytingning joriy darajasini qo‘llab-quvvatlovchi sifatida ko‘radi. Konsolidatsiyalangan investitsiya portfelida qayd etilgan daromad bilan bank depozitlari ko‘rinishidagi instrumentlar ustunlik qiladi, ular analoglarga nisbatan taqqoslanganda yaxshiroq diversifikatsiyalangan va asosan “B+” yoki“BB-” reyting toifalariga ega bo‘lgan davlat banklari hamda yirik xususiy mahalliy banklarda joylashtirilgan. Kompaniya jadal ravishda qayta sug‘urtalashdan foydalanadi. Yalpi qaltisliklar G‘arbiy Yevropa bozorlarida faoliyat yuritayotgan qayta sug‘urtalovchilarga berilmoqda.
Fitch Ratings – Moody’s va Standard & Poor’s bilan birga “katta uchlik”ka kiradigan reyting agentligi. Tarixan Fitch agentligi 1912-yildan nashriyot sifatida, 1924-yildan esa reyting agentligi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Kompaniyaning mazkur reytingi majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarilishini tasdiqlaydi va o‘z faoliyatida Fitch agentligi bergan kredit reytingiga tayanadigan potensial investorlar uchun ishonchlilik darajasini belgilab beradi. Bu Gross kompaniyasi jahon sug‘urta va qayta sug‘urtalash bozorlarida o‘z faoliyatini kengaytirish imkoniyatini qo‘lga kiritganligini anglatadi. Shuningdek, kompaniyada O‘zbekistonga nazarini qaratayotgan profil investorlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq imkoniyatlar paydo bo‘ladi.