Ishonchnoma oʼrniga sugʼurta polisi
Yagona raqam: 1166
Sug'urta hodisasi Sug'urta polisi sotib olish
2019-12-02

Ishonchnoma oʼrniga sugʼurta polisi

2019-12-02

Soʼnggi oylarda notarial tasdiqlashni talab qiladigan tartib-taomillarni qisqartirishga, xususan transport vositasidan foydalanish va boshqarish toʼgʼrisidagi ishonchnomani notarial tasdiqlash tartibini bekor qilishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi mamlakatimizda avtotransport vositalarining egalari oʼrtasida sezilarli qiziqish uygʼotdi.

Yangi tartib, maʼlumki, avtotransport egalarining yaqin qarindoshlarini avtomobilni boshqarish huquqiga ega boʼlgan shaxslar qatoriga kiritish boʼyicha vakolatlarni sugʼurta kompaniyalari tasarrufiga oʼtkazishni nazarda tutadi. Yaʼni, bunda sugʼurta kompaniyalari tegishli axborotni transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʼurta qilish (TVEFJMS) polislarida aks ettirishi lozim.

Masalani bunday tarzda hal etilishi jahon amaliyotida kamdan-kam uchraydigan holatdir. Boshqa mamlakatlarda avtomobilni boshqarish huquqiga ega boʼlgan shaxslarni sugʼurta polisiga kiritilishiga oid xuddi shunday misollar bizga nomaʼlum. Qoidaga tariqasida, sugʼurta polisi yoʼl harakati ishtirokchilari manfaatlarini himoya qilish boʼyicha oʼziga xos vazifalarni bajaradi va transport vositasiga egalik qilish va boshqarish huquqini tasdiqlovchi hujjat boʼlib hisoblanmaydi.

Shu sababli tegishli izohlar olish va TVEFJMS polislarini rasmiylashtirishga doir yangi tartib tafsilotlari yuzasidan bevosita sugʼurtalovchilarga, aynan esa Oʼzbekiston sugʼurta bozorida yetakchi kompaniyalardan biri boʼlgan «Gross Insurance» kompaniyasiga murojaat qilishga jazm qildik.

Mazkur kompaniya Bosh direktorining oʼrinbosari Аzamat Raxmatullaev oʼz izohlarini berishga va tahririyatning qator savollariga javob berishga rozi boʼldi.

1. Аytingchi, hozirgi vaqtda yaqin qarindoshlari avtomobilni boshqarayotgan yoki boshqarishni moʼljallayotgan avtomobil egasi nimalarga eʼtibor qaratishi va qanday harakatlarni amalga oshirishi zarur?

Eng avvalo, savolning asosiy qismiga oʼtishdan oldin, men yangi tartibga taalluqli boʼlgan qator muhim izohlar berishni istar edim, zero mazkur izohlarsiz oʼquvchilarga boʼlayotgan mazkur oʼzgarishlarning toʼliq manzarasini koʼz oldiga keltirish qiyin boʼlar edi.

Birinchidan, TVEFJMS polislarini ularda yaqin qarindoshlarni koʼrsatgan holda rasmiylashtirishning yangi tartibi hozirda amal qilayotgan ishonchnomalar va TVEFJMS polislarini hech qanday tarzda bekor qilmaydi.

Yaʼni, agar avtomobil egasida hozirgi vaqtda haqiqiy boʼlgan ishonchnomalar va polislar (haydovchilar koʼrsatilgan holda yoki haydovchilar soni cheklanmagan holda) mavjud boʼlsa, u hech narsa qilishi kerak emas. Yangi tartib talablari bunday avtomobilь egalariga nisbatan joriy qilinmaydi.

Ikkinchidan, shuni aniq tushunib olish lozimki, hukumat qarori (18.11.2019 y. dagi 915-sonli) bilan transport vositasini ishonchnomasiz boshqarish huquqiga ega boʼlgan yaqin qarindoshlar sarasiga transport vositasi egasining ota-onasi, eri (xotini), bolalari, aka-ukalari, opa-singillari kiritilgan. TVEFJMS polisida boshqa darajadagi qarindoshlarni yaqin qarindoshlar sifatida koʼrsatishga yoʼl qoʼyilmaydi, mazkur holatlarda avtomobil mulkdori ishonchnomani notarial idoralarda rasmiylashtirishi shart.

Uchinchidan, qonun hujjatlari bilan yangi namunadagi sugʼurta polisi blanklari tasdiqlangan boʼlib, ulardagi boʼsh boʼlgan qatorlarni yaqin qarindoshlar haqidagi maʼlumotlar bilan toʼldirish nazarda tutilmoqda. Yangi namunadagi sugʼurta polisi blanklarini tayyorlash va ularni sugʼurta kompaniyalarining hududiy boʼlinmalari boʼyicha taqsimlash uchun yetarlicha uzoq davrni talab qiladi, bizning hisob-kitoblarimizga koʼra bunga ikki oyga yaqin vaqt ketadi. Shu sababli, sugʼurta sohasini tartibga soluvchi organ – Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ehtimol yuzaga kelishi mumkin boʼlgan kelishmovchiliklar va anglashilmovchiliklarni, shu jumladan haydovchilarni DYHXX organlari vakillari bilan kelishmovchiliklar va anglashilmovchiliklarni oldini olish maqsadida sugʼurta polislarini rasmiylashtirishning vaqtincha tartibi nazarda tutilgan boʼlib, bunda qarindoshlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar (FIO va haydovchilik guvohnomasi) ilgari tasdiqlangan (eski) shakldagi sugʼurta polisining boʼsh boʼlgan qatorlarida koʼrsatiladi.

Endi masalaning mohiyatiga yondashgan holda avtomobil egalari nima qilishi kerakligi yuzasidan mazkur masalani quyidagi ehtimol qilingan vaziyatlar misolida koʼrib chiqishni taklif qilgan boʼlar edim.

Birinchi vaziyat. Ishonchnomaning amal qilish muddati tugagan, ammo sugʼurta polisi hali amal qilmoqda.

Mazkur holatda avtomobil egasi TVEFJMS polisini rasmiylashtirgan sugʼurta kompaniyasining boʼlinmasiga (filialiga, boʼlimiga, polislarni sotish markaziga) murojaat qilishi mumkin, bu yerda avtomobil egasi tomonidan qarindoshlik darajasi haqidagi hujjat taqdim etilganida amaldagi sugʼurta polisi blankiga kompaniya xodimi tomonidan tegishli yozuvlar kiritiladi va sugʼurta kompaniyasining muhri bilan tasdiqlanadi. Shuni qayd etib oʼtish zarurki, yozuvlarni mustaqil ravishda, ularni muhr bilan tasdiqlanmagan holda kiritishga yoʼl qoʼyilmaydi.

Ikkinchi vaziyat. Ishonchnomaning ham, sugʼurta polisining ham muddatlari tugaganida.

Mazkur holatda avtomobil egasi TVEFJMS polisini yangi muddatga rasmiylashtirishi zarur boʼladi. Qonun hujjatlarining talablariga muvofiq buning uchun u pasportlar, haydovchilik guvohnomalari va sugʼurta polisida koʼrsatishni moʼljallayotgan qarindoshlarining qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi hujjatlarning aslini sugʼurta kompaniyasiga taqdim etishi kerak boʼladi. Bunda yuqorida qayd etib oʼtganimizdek, yangi namunadagi sugʼurta polislari chiqarilishiga qadar qarindoshlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar eski namunadagi sugʼurta polislarining boʼsh boʼlgan qatorlarida koʼrsatiladi va sugʼurta tashkilotining muhri bilan tasdiqlanadi.

2. Qonun hujjatlari talabiga koʼra yangi namunadagi sugʼurta polisini rasmiylashtirmagan avtomobil egalarida DYHXX organlari xodimlari bilan muammolar yuzaga kelmaydimi?

Sugʼurta sohasini tartibga soluvchi organ tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda barcha taraflar uchun eng maqbul yechimga kelishib olingan. Yaʼni bunda qarindoshlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar kiritilgan eski namunadagi blanklar 2020 yilning 1 apreliga qadar rasmiylashtirilishi mumkin va oʼzining amal qilishi muddatining oxirigacha haqiqiy boʼladi. Bunda OʼzR IIV DYHXX xodimlariga tegishli yoʼriqnoma va tushuntirishlar beriladi. Shu sababli ular va oddiy haydovchilar oʼrtasida hech qanday turli talqinlar va ziddiyatli vaziyatlarni biz kutmayapmiz.

2020 yilning 1 aprelidan eʼtiboran barcha sugʼurta kompaniyalari TVEFJMS polislarini yangi namunadagi blanklarda undagi tegishli qatorlarda yaqin qarindoshlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni kiritgan holda rasmiylashtirishlari shart boʼladi. Аgar mazkur sanadan keyin sugʼurta polisi eski namunadagi blankda rasmiylashtirilgan boʼlsa, u holda DYHXX xodimlari mazkur vaziyatni yoʼl harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari boʼlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi sifatida koʼrib chiqishga haqli boʼladi.

3. Аgar qarindoshlar har qanday holatda ham koʼrsatiladigan boʼlsa, endilikda fuqarolarimizga, transport vositalari egalari boʼlgan jismoniy shaxslarni nazarda tutgan holda, «haydovchilar soni cheklanmagan» sugʼurta polisi nechogʼlik zarur boʼladi?

Hayot turli-tuman kutilmagan «sovgʼalar», holatlar va vaziyatlarga boy. Shunday vaziyat boʼlishi mumkinki, gohida transport vositasini boshqarishni yaqin qarindosh boʼlmagan va sugʼurta polisida koʼrsatilmagan boshqa shaxsga berishga toʼgʼri keladi. «Haydovchilar soni cheklanmagan» sugʼurta polisi mijoz oʼz avtomobilini kim boshqarishini oldindan bilmaydigan aynan shunday vaziyatni nazarda tutadi. Shu sababli biz, ayniqsa «haydovchilar soni cheklanmagan» sugʼurta polisi narxini davlat tomonidan sezilarli ravishda (2018 yilga nisbatan taxminan 2 marta) pasaytirilganligini inobatga olgan holda, bunday polis turi avtomobil egalari tomonidan talabgir boʼlishiga umid qilamiz.

https://kommersant.uz/kak-budet-dejstvovat-avtostrahovanie-vmesto-doverennosti/

Mobil ilova

Bizning yangi mobil ilovamizni yuklab oling va barcha xizmatlarimizdan onlayn tarzda foydalaning!

Mobil ilova