Xotira va qadrlash kuni

9 may kuni O‘zbekistonda “Xotira va qadrlash kuni”. Ushbu kunning bunday nomlanishida chuqur ma‘no yotadi: «Halok bo‘lganlarni – xotirlash va tirik qolganlarni – qadrlash».

 

O‘zbekistonning har bir xonadoni fashizm ustidan g‘alaba qozonish bizga qanchalik qimmat tushganini xotirlaydi. O‘zbek xalqining qo‘shgan hissasi esa bebaho. Yuzlab O‘zbekistonliklar Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lganlar, minglab yurtdoshlarimiz harbiy ordenlar va mukofotlar bilan taqdirlanganlar. Statistikaga ko‘ra mamlakatning 6,5 millionlik aholisidan qariyb 1,5 millioni frontga ketgan. Shuningdek, 1,5 millionga yaqin aholini O‘zbekiston ochlikdan va o‘limdan saqlab qolgan. Eng avvalo bolalarga (300 mingdan ziyod), ayollarga va qariyalarga bosh pana berib, so‘nggi burda nonini ular bilan bo‘lishganlar, ularni qalblarining issiqligi, dillarining ezguligi va saxovati bilan isitganlar. Bunga urush yillarida temirchi Shomahmudovning oilasi tomonidan 15 ta yetim qolgan bolalarning asrab olinganligi yorqin misol bo‘la oladi. Ularning bunday jasorati Toshkent shahrining markazida joylashgan granit va bronzadan yasalgan muhtasham monumenti orqali abadiylashtirilgandir.

 

1942 yilga kelib respublikaga ko‘chirilgan 100 dan ziyod sanoat korxonalari to‘liq quvvat bilan ishlab, frontga harbiy texnika, o‘q dorilar va anjomlarni yetkazib bergan. Ushbu korxonalarda 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan mobilizatsiya qilingan erkaklar, hamda 16 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan mobilizatsiya qilingan ayollar har kuni 11 soatdan mehnat qilganlar. Mehnat kuchining yetishmovchiligi tufayli o‘spirinlar ham ishga jalb qilinganlar. Biz urush yillarida front orqasida kunu-tun mehnat qilgan, o‘zlaridan hamma narsani ayab, frontga kerakli harbiy texnika va o‘qlar, harbiy formalar, dori-darmonlar va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib bergan yurtdoshlarimizni g‘urur bilan yod olamiz.

 

Shafqatsiz urush yillari xalqimizning ma‘naviy kuchi, mardligi va og‘ir sinovlarni yengishdagi matonatidan dalolat beradi. Bugungi kunda vatanimizning yosh avlodini bizning xalqimizga xos bo‘lgan, milliy va insoniy qadriyatlarni ardoqlash ruhidagi aynan shunday insoniy xislatlar misolida tarbiyalashimiz zarur.

 

Bizning vazifamiz ajdodlarimizning qahramonligini xotirlash, boshimiz ustidagi musaffo osmonni qadrlash va urushda halok bo‘lganlarni abadiy xotirlash uchun ushbu qadriyatlarni keyingi avlodga singdirishdir.

 

Xotira bor ekan, tirikdir millat,

Tirikdir iftihor, tirikdir g’urur.

Xotira – elni xalq etuvchi qudrat,

Xotira – ertani yorituvchi nur.

 

Hatto maysaning ham xotirasi bor,

Maysa xotirasi – nurga intilmoq.

Ko’karsa – ikkiga bo’lib tashlaydi

Yo’lning ustida tursa hatto tog’.

 

To quyosh osmonda porlab turarkan,

Osmonday mangusan, ey, ona xalqim!

Har bir fojiaga, har bir sharafa,

Baho bermoqqa ham yolg’iz sen haqli!